




“Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari joriy yilning 2-3-dekabr kunlari Qatar davlatining Doha shahrida boʻlib oʻtayotgan Money Expo Qatar 2025 hamda MENA Fintech & Insurtech Festival xalqaro koʻrgazma va forumlarida ishtirok etmoqda.
Money Expo Qatar – Dohada tashkil etiladigan nufuzli xalqaro moliyaviy koʻrgazma va konferensiya boʻlib, unda investitsiyalar, raqamli moliya va zamonaviy moliyaviy texnologiyalar yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar hamda soha ekspertlari jamlanadi. Tadbir ishtirokchilarga yangi moliyaviy yechimlar bilan tanishish hamda global bozor tendensiyalarini muhokama qilish imkonini beradi.
MENA Fintech & Insurtech Festival esa Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida moliyaviy hamda sugʻurta texnologiyalariga bagʻishlangan yirik xalqaro tadbirdir. Festival doirasida banklar, fintech va insurtech startaplar, texnologiya yetakchilari bir maydonda jam boʻladi. Tadbir zamonaviy raqamli toʻlovlar, sunʼiy intellekt, blokcheyn, regtech hamda moliyaviy innovatsiyalarning istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, yangi mahsulotlarni taqdim etishga xizmat qiladi.
Ilmiy xodimlar mazkur tadbirlarda “Oʻzbekiston tijorat banklarining raqamlashganlik milliy indeksini ishlab chiqish asosida uning monitoring tizimini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida ishtirok etib, loyiha yakunida ishlab chiqiladigan BRI indeksi platformasini samarali shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
