




Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida Innovatsion rivojlanish agentligi mutaxassislari bilan hamkorlikda Global Innovatsion Indeksida Oʻzbekistonning o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan “Tizim dinamikasini modellashtirish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda agentlikning Innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish va xalqaro reytinglar bo‘limi boshlig‘i Nishonov Jahongir Muxiddinovich rahbarligidagi ishchi guruhi, xorijlik mutaxassis Gaurav, shuningdek, Ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari va doktorantlari ishtirok etishdi. Tadbirda global innovatsion reytinglarda mamlakat o’rnini yaxshilashda milliy innovatsiya tizimini tahlil qilish va modellashtirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Xorijlik mutaxassis Gaurav Vensim PLE dasturi yordamida Milliy innovatsiya tizimi modelini ishlab chiqish bo‘yicha taqdimot qildi. Taqdimot davomida Vensim PLE dasturini o‘rnatish bosqichlari, System Dynamics bo‘yicha o‘quv adabiyotlarini yuklab olishim koniyatlari, MIT Open Access o‘quv materiallaridan samarali foydalanish yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, pandemiya jarayonlarini modellashtirishga bag‘ishlangan o‘quv modeli hamda Milliy Innovatsiya Modeli konsepsiyasi muhokama qilindi.
Seminar doirasida innovatsion rivojlanish jarayonlarini tizimli yondashuv asosida modellashtirish, ularni global reytinglar metodologiyasi bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Mazkur uchrashuv Ilmiy-tadqiqot markazi doktorantlari va tadqiqotchilari uchun zamonaviy modellashtirish vositalaridan foydalanish ko‘nikmalarini kengaytirish hamda Oʻzbekistonning Global Innovatsion Indeksdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ilmiy-uslubiy asoslarni takomillashtirishga zamin yaratadi.

