




2026-yil 24-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida talabalar uchun davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur davra suhbati Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida tashkil etildi. Unda akademiyaning “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishi talabalari faol ishtirok etdilar.Tadbirda ilmiy-tadqiqot markazi sektor mudiri i.f.d., dots. Sirojiddin Abrorov “Geosiyosiy risklarning global moliya bozorlariga ta’siri” mavzusida ma’ruza qildi.
Davra suhbati davomida zamonaviy global iqtisodiy muhitda geosiyosiy omillarning moliya bozorlariga ko‘rsatayotgan ta’siri ilmiy asoslar bilan tushuntirib berildi. Xususan, fond bozorlari indekslari, xomashyo narxlari hamda valyuta kurslaridagi tebranishlarga geosiyosiy jarayonlarning ta’siri atroflicha yoritildi. Shuningdek, xalqaro nizolar, sanksiyalar, siyosiy beqarorlik va global shoklarning investitsiya muhitiga ta’siri yuzasidan muhim fikrlar bildirildi.
Tadbir interaktiv ruhda o‘tib, talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi. Ayniqsa, geosiyosiy risklarni baholashning zamonaviy yondashuvlari, jumladan, ekonometrik modellar asosida tahlil qilish usullari muhokama markazida bo‘ldi. Shu bilan birga, global moliya bozorlarida risklarni boshqarish hamda investorlar xatti-harakatining o‘ziga xos jihatlari alohida ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Tadbir qatnashchilari bunday ilmiy-amaliy uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etishzarurligini alohida qayd etdilar.

