



9-sentyabr 2026-yil kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi «O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari» ilmiy tadqiqot markazi «Demografiya va mehnat bozori» sektori ilmiy xodimlari va yaponiyalik olimlar bilan hamkorlikda «O‘zbekiston Respublikasida mehnat migratsiyasi, rivojlanish istiqbollari va Yaponiya tajribasi» mavzusida ikki davlat olimlari o‘rtasida ilmiy tajribalar almashish yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Yaponiya ilmiy doiralari vakillari — Hokkaydo universitetining Slavyan-Yevroosiyo tadqiqotlari markazi hamda Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari ishtirokida ilmiy davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida iqtisodiyot, demografiya, aholi migratsiyasi, mehnat bozori, hududiy rivojlanish hamda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va istiqboldagi qo‘shma tadqiqot yo‘nalishlarini belgilash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda Tomoko Tabata — Ph.D. (Economics), Hokkaydo universiteti dotsent-tadqiqotchisi, Shinichiro Tabata — Hokkaydo universiteti professori emeritusi, Slavyan-Yevroosiyo tadqiqotlari markazi qo‘shma tadqiqotchisi va Arktika tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi hamda Yugo Konno — Hokkaydo Gakuen universiteti Iqtisodiyot fakulteti professori va kafedra mudiri ishtirok etdi.
Mehmon olimlarning ilmiy faoliyati, avvalo, iqtisodiy demografiya, mintaqaviy rivojlanish, aholi dinamikasi, mehnat resurslari, migratsiya jarayonlari, tabiiy resurslardan foydalanish va hududiy iqtisodiyot masalalarini qamrab oladi. Xususan, Tomoko Tabata Rossiyaning Shimoliy va Uzoq Sharq hududlaridagi demografik jarayonlar, tug‘ilish darajasi, aholi sonining qisqarishi hamda iqtisodiy-demografik masalalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan. Uning ilmiy izlanishlari iqtisodiy jarayonlar va demografik o‘zgarishlarning o‘zaro bog‘liqligini o‘rganishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Professor emeritus Shinichiro Tabata esa Rossiya iqtisodiyoti, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish, davlat budjeti va moliyaviy oqimlar, tabiiy resurslar, energetika siyosati, Arktika hududlarining iqtisodiy rivojlanishi hamda Rossiyaning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi bo‘yicha ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlarga ega. Olimning ilmiy faoliyati davomida Rossiya hududlari iqtisodiyoti, energetika resurslari va mintaqaviy rivojlanish modellariga bag‘ishlangan qator xalqaro loyihalarga rahbarlik qilgani qayd etildi. U, shuningdek, Rossiya, Xitoy va Hindiston kabi Yevroosiyoning yirik davlatlari rivojlanish modellarini qiyosiy o‘rganishga qaratilgan ilmiy loyihalarda ishtirok etgan.
Uchrashuv davomida demografik jarayonlarni iqtisodiy rivojlanish bilan uyg‘un holda o‘rganish, hududlar kesimida aholi va mehnat resurslari dinamikasini tahlil qilish, migratsiya jarayonlarining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash hamda zamonaviy statistik va empirik tadqiqot usullaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, O‘zbekistonning demografik salohiyati, aholining yosh tarkibi, mehnat bozorining rivojlanishi va tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq jarayonlarni xalqaro tajriba asosida o‘rganish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Bu borada Yaponiya ilmiy maktabining demografik va iqtisodiy tadqiqotlar bo‘yicha tajribasi O‘zbekiston olimlari uchun ham amaliy va ilmiy jihatdan muhim ahamiyatga ega.
Davra suhbatida olimlar o‘rtasida ilmiy tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ilmiy maqolalar tayyorlash, xalqaro ilmiy loyihalarda hamkorlik qilish hamda yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy aloqalarni kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Tomonlarning ilmiy qiziqishlari va tadqiqot yo‘nalishlari o‘rtasidagi yaqinlik kelgusida demografiya, iqtisodiyot, migratsiya va hududiy rivojlanish bo‘yicha yangi qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish uchun yaxshi imkoniyat yaratishi ta’kidlandi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda demografik va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni chuqur o‘rganish borasida muhim qadam bo‘ldi.
Davra suhbati yakunida tomonlar ilmiy hamkorlikni izchil davom ettirish, o‘zaro tajriba almashish va istiqboldagi ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
