




Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida 2026-yil 9-yanvar kuni Markaz direktori Xudoyqulov Sadirdin Karimovich boshchiligida 2026-yilgi faoliyatni boshlashga bagʻishlangan ishchi yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda Markazning barcha ilmiy hamda boshqaruv xodimlari ishtirok etdi. Majlis davomida ijro intizomini mustahkamlash, har bir sektorning 2026-yilga moʻljallangan ish rejalarini tasdiqlash, shuningdek, Respublikada yangi belgilangan yil ustuvor yoʻnalishlari hamda yangilangan 2030-yilgacha boʻlgan taraqqiyot strategiyasi doirasida Markazning 2026–2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, olib borilayotgan ilmiy tadqiqot mavzularining bugungi kun talablariga mosligi, amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalarning belgilangan muddatlarda sifatli bajarilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Ommaviy axborot vositalarida dolzarb masalalarga bagʻishlangan publitsistik maqolalar chop etish, biriktirilgan hududlarda mavjud muammolarni ilmiy jihatdan tahlil qilish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʻilish yakunida 2026-yilga moʻljallangan reja va vazifalarni zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda tashkil etish, yil yakunigacha ularning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash boʻyicha masʼullarga aniq topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, doktorantlarning ish rejalari ijrosini taʼminlash sektor mudirlarining doimiy nazoratida boʻlishi lozimligi alohida qayd etildi.


