







2026-yil 17-mart kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida “Moliya bozorini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, zamonaviy tendensiyalari va istiqbollari” mavzusidagi V xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoni asosida, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasida belgilangan ustuvor vazifalar hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish maqsadida oʻtkazildi. Anjumanga 700 ga yaqin tezislar kelib tushib, ularning 370 tasi saralab olindi hamda uch qismdan iborat ilmiy toʻplam sifatida nashr etildi.
Konferensiyada mamlakatimizning yetakchi olimlari, professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlari hamda davlat organlari va milliy agentliklar vakillari faol ishtirok etdi. Unda moliya bozori rivoji, investitsiya muhitini yaxshilash, zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni joriy etish hamda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash masalalari keng muhokama qilindi.
Tadbirni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, iqtisod fanlari doktori, professor Abduraxmanova Gulnora Kalandarovna ochib berdi. U oʻz tabrik soʻzida moliya bozoridagi islohotlar va ilmiy izlanishlarning bugungi kundagi dolzarbligini alohida taʼkidladi hamda konferensiya ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazi direktori, iqtisod fanlari doktori, professor Xudoyqulov Sadirdin Karimovich kirish soʻzi bilan chiqish qilib, moliya bozori, xususan kapital bozori iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylanib borayotganini qayd etdi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramay, qimmatli qogʻozlar bozori rivojining sustligi, investitsion jozibadorlikning yetarli darajada emasligi hamda moliyaviy savodxonlikning pastligi kabi dolzarb muammolar mavjudligini ham alohida taʼkidladi.
Konferensiya doirasida qator nufuzli olimlar maʼruzalari tinglandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmita raisi professor Gadoyev Erkin Fayziyevich “Moliya bozori islohotlarida parlament institutining roli” mavzusida, Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisi professor Jumayev Nodir Xosiyatovich “Sunʼiy intellekt asosidagi investitsiya platformalari moliya bozorlarining yangi institutsional ishtirokchisimi?” mavzusida maʼruza qildi. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili Naimov Shohruh Sharofiddinovich moliya tizimini tartibga solish masalalariga toʻxtaldi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-oʻqituvchilari ham oʻz ilmiy ishlari bilan faol ishtirok etdi. Xususan, professor Qobulov Xotamjon Abdukarimovich hududiy daromad salohiyatini rivojlantirish strategiyasi yuzasidan fikr bildirdi. Ilmiy-tadqiqot markazi sektori mudiri dotsent Abrorov Sirojiddin Zuxriddin oʻgʻli esa global sukuk bozori dinamikasi va tarkibiy oʻzgarishlari boʻyicha oʻz ilmiy tahlillarini taqdim etdi.
Konferensiyada xorijiy mutaxassislar ham faol ishtirok etdi. Jumladan, Webster universiteti professori M.C. Shibin Tad, Kvame Nkrumh universiteti (Zimbabve) professori Pethias Siame hamda Osh davlat universiteti (Qirgʻiziston) katta oʻqituvchisi Ainura Saparbayeva oʻz ilmiy ishlari bilan qatnashib, moliya bozori va fintex sohasidagi zamonaviy tendensiyalar yuzasidan muhim fikr-mulohazalar bildirdi.
Anjumanda global moliya bozoridagi beqarorliklarning milliy iqtisodiyotga taʼsirini kamaytirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish, islomiy moliya ekotizimini rivojlantirish, raqamli moliya va sunʼiy intellekt asosidagi yechimlarni keng joriy etish kabi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, davlat byudjeti boshqaruvida innovatsion yondashuvlar, aksiyadorlar bilan munosabatlar hamda kraudfanding mexanizmlarining ahamiyati keng tahlil qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan moliya bozoridagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy xulosalar va amaliy takliflar ilgari surildi. Ushbu takliflarni amaliyotga joriy etish boʻyicha kelishuvlarga erishilib, istiqboldagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan aniq yoʻl xaritalari belgilab olindi.

