






2026-yil 17-iyul kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi hamda ISFT instituti hamkorligida “O‘zbekistonda islom mikromoliya xizmatlari: imkoniyatlar, cheklovlar va amaliy yechimlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda islom mikromoliyasi sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida “Zaytun moliya” MChJ direktori Jahongir Imamnazarov islom mikromoliya tashkilotlari faoliyatida uchrayotgan amaliy masalalar va ularni hal etish yo‘llari haqida ma’ruza qildi. “Ayol” MChJ mikromoliya tashkiloti direktori Shohida Ibragimova tashkilot faoliyati, mijozlarga taklif etilayotgan moliyaviy xizmatlar hamda amaliy tajribalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
ISFT instituti Biznes va menejment tadqiqot markazi direktori Gavhar Isamutdinova O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirish instrumentlariga bo‘lgan potensial talab va soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan omillar bo‘yicha o‘tkazilgan empirik tahlil natijalarini taqdim etdi.
TDIU huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi vakili O‘g‘ilshod Axmedova esa islom mikromoliyasini rivojlantirishning ilg‘or xorijiy tajribasi hamda mazkur tajribalarni O‘zbekiston amaliyotida qo‘llash imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda “Almizan mikromoliya tashkiloti”, “Ayol”, “Biznesni rivojlantirish mikromoliya tashkiloti”, “Xon Saroy Moliya”, “Vafo Moliya” va “Zaytun Moliya” mikromoliya tashkilotlari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi vakillari faol qatnashdi.
Muhokamalar davomida mamlakatimizda islom mikromoliya xizmatlarini yanada rivojlantirish, amaldagi tashkiliy, huquqiy va institutsional muammolarni bartaraf etish, aholining muqobil moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Davra suhbati yakunida islom mikromoliyasi sohasida ilmiy tadqiqotlar va amaliy hamkorlikni kuchaytirish, soha vakillari o‘rtasida muntazam muloqot maydonini shakllantirish hamda bildirilgan takliflarni umumlashtirish bo‘yicha kelishib olindi.