




Muloqotda ikki markaz rahbariyati va mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Unda Markaz direktori, i.f.d., professor Sadirdin Xudoyqulov Namangan viloyatida joriy etilgan hududiy tadqiqotlar namunasiga tayangan holda Surxondaryoda bajarilgan ishlar haqida batafsil axborot berdi. Qayd etilganidek, ilmiy jamoa viloyatning barcha tuman va shaharlarida iqtisodiy diagnostika o‘tkazib, ishlab chiqarish zanjirlari xaritasi, rivojlanishni cheklovchi omillar va o‘sish zaxiralari ro‘yxatini shakllantirdi.
Shuningdek, kam quvvatda ishlayotgan va faoliyati to‘xtagan korxonalar, sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish, eksport salohiyati, aholi bandligi va investitsiya imkoniyatlari chuqur tahlil qilindi. Viloyat va tumanlar kesimida istiqbolli tashabbuslar aniqlanib, ularning moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish mexanizmlari, mas’ul ijrochilari va kutilayotgan natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlandi.
Tadqiqotlar natijasida tuman va shaharlar kesimida “Konsepsiya”, “Yo‘l xaritasi”, “Ma’lumotnoma” va “Infografika” ishlab chiqildi. Qurilish materiallari sanoati, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, geologik resurslarni iqtisodiy baholash, agrosanoat, logistika, turizm hamda eksportga yo‘naltirilgan yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha amaliy yechimlar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida kelgusi bosqich uchun ustuvor vazifalar belgilab berildi. Xususan, takliflarni tuman, shahar va viloyat rahbarlari bilan ikki bosqichda kelishish, joylarga muntazam chiqishlarni davom ettirish, loyihalar samaradorligini aniq hisob-kitoblar bilan asoslash, raqamli geoaxborot va tahliliy platformalardan foydalanish hamda tadqiqot natijalarini amaliy boshqaruv qarorlariga aylantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar ilmiy asoslangan hududiy rivojlanish takliflarini manzilli dasturlar va investitsiya qarorlariga bog‘lash, tadbirkorlar murojaatlarini tizimli o‘rganish hamda natijalar ijrosini doimiy monitoring qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.
