






2026-yil 15-oktyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida “Mintaqaviy iqtisodiyotning zamonaviy muammolari: tajriba, tendensiyalar va istiqbollar” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.
Anjuman AL-9224094160-sonli “Integratsion jarayonlarni rivojlantirish sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining barqaror iqtisodiy oʻsish strategiyasini shakllantirish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida tashkil etildi.
Anʼanaviy va masofaviy shaklda oʻtkazilgan konferensiyada Oʻzbekiston, Rossiya, Xitoy, AQSH, Misr, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston olimlari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyani ilmiy-tadqiqot markazi direktori, i.f.d., professor S.K. Xudoyqulov ochib, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida hududlarni mutanosib rivojlantirish, investitsiyaviy faollikni oshirish va mintaqaviy iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanishning ustuvor ahamiyatini taʼkidladi. Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligining Oʻzbekistondagi vakili I.V. Xalitov ham qatnashdi.
Yalpi majlisda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi vakillari A.V. Tochin va N.S. Pijikov Rossiya–Oʻzbekiston iqtisodiy integratsiyasi va savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, Sankt-Peterburg davlat universiteti professorlari P.P. Deryugin va L.A. Lebedinseva migratsiya jarayonlari, raqamli tengsizlik va ijtimoiy moslashuv masalalari boʻyicha maʼruzalar qildi. AQSHning Vebster universiteti hamda Xitoy olimlari yashil iqtisodiyot, madaniy intellektual mulk va xalqaro transport yoʻlaklarining mintaqaviy rivojlanishga taʼsiri yuzasidan ilmiy qarashlarini taqdim etdi.
Mahalliy olimlardan i.f.d., professor A.M. Qodirov hududiy iqtisodiyotni rivojlantirish, i.f.d., professor B.X. Umurzaqov demografik jarayonlar va mehnat resurslari, i.f.d., professor F.I. Isayev hududlarning moliyaviy muammolari, i.f.d., professor A.T. Axmediyeva esa mintaqaviy rivojlanish dasturlarini rejalashtirish va ularning natijadorligini baholash masalalariga bagʻishlangan maʼruzalar bilan ishtirok etdi.
Konferensiya davomida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, Markaziy Osiyoda suv tanqisligi, hududlarni kompleks rivojlantirish, narx shakllanishini tartibga solish va mintaqalararo iqtisodiy tafovutlarni qisqartirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ilmiy munozaralarda xalqaro tajribadan samarali foydalanish, hududlarning raqobatbardoshligini oshirish hamda ilmiy tadqiqot natijalarini amaliy iqtisodiy qarorlar bilan uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Anjuman yakunlari boʻyicha bildirilgan ilmiy taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, hududlarning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlashga qaratilgan amaliy loyiha tadqiqotlarida hamda tegishli davlat organlariga taqdim etiladigan tahliliy materiallarda foydalanish belgilandi.
IV xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya mintaqaviy iqtisodiyot sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va hududlarni barqaror rivojlantirishning ilmiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoni boʻldi.

