





2026-yil 20-avgust kuni “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi (TDIU huzuridagi ITM), Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi huzuridagi Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi (VAVT) hamda Strategik tashabbuslar ekspert markazi (STEM) hamkorligida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Inson kapitalini rivojlantirish: Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida yuqori texnologik sohalar uchun kadrlar tayyorlash” mavzusiga bag‘ishlandi.
Muloqotda ikki mamlakat iqtisodiyot vazirliklari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari va ekspertlari ishtirok etdilar. Seminarda IT, muhandislik, tibbiyot va ilm-fan sohalarida malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni baholash, qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish hamda mexnat migratsiyasini tashkillashtirish va malakali kadrlar harakatchanligi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Seminarda so‘zga chiqqan spikerlar (G.K. Abduraxmanova, N.A. Volchkova, B.X. Umurzakov, Ye.S. Chimiris, D.Yu. Kudashkin, A.F. Dubovikova, U.N. Tashkenbayev, A.M. Kadirov, A.T. Axmediyeva) O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy-texnikaviy integratsiyani chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. Qo‘shma ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish, kvalifikatsiya va ta’lim hujjatlarini tan olish tartiblarini soddalashtirish hamda mehnat bozori ehtiyojlarini prognoz qiluvchi raqamli tahliliy platformalarni yaratish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.
Seminar yakunida tomonlar kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va yuqori texnologik tarmoqlarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga qaratilgan doimiy ishchi guruh shakllantirish hamda tegishli analitik tavsiyalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

