



“O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida “O‘zbekiston tijorat banklarining raqamlashganlik milliy indeksini ishlab chiqish asosida uning monitoring tizimini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha doirasida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi va O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi professorlari hamda 10 dan ortiq tijorat banklari mutaxasislari, iqtisodchi olimlar, soha ekspertlari hamda loyiha ijrochilari ishtirok etdi.
Davra suhbatini Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xudoyqulov Sadirdin Karimovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakat bank tizimida raqamli transformatsiya jarayonlarini tizimli baholash, tijorat banklarining raqamli xizmatlar bo‘yicha rivojlanish darajasini aniqlash hamda ushbu yo‘nalishda milliy monitoring tizimini shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Tadbirning asosiy ma’ruzalar qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Bank, moliya va kapital bozori faoliyatini o‘rganish” sho‘basi mudiri Xidirov Ja’far Jabborovich “Banklar faollik indeksi” reytingi – O‘zbekiston bank tizimi shaffofligi va raqobatbardoshligini oshirish omili sifatida” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada bank tizimida ochiqlik, raqobat muhiti va faoliyat natijadorligini baholashda indeks va reyting tizimlarining ahamiyati alohida qayd etildi.
Shuningdek, TDIU huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi “Moliya bozori va moliya-bank tizimini rivojlantirishning metodologik muammolari” sektori mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Abrorov Sirojiddin Zuxriddin o‘g‘li “Banklarning raqamlashganlik indeksi (BRI) metodologiyasi” mavzusida ma’ruza qildi. Unda tijorat banklarining raqamli rivojlanish darajasini baholashga qaratilgan milliy indeksning ilmiy-uslubiy asoslari, baholash mezonlari, indikatorlar tizimi va monitoring mexanizmi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Davra suhbatida ishlab chiqilgan Banklarning raqamlashganlik indeksi tijorat banklarining raqamli xizmatlar qamrovi, bank kartalari bo‘yicha onlayn xizmatlar, mijozlarni rag‘batlantirish va robo-maslahatlar, korporativ mijozlarga raqamli xizmat ko‘rsatish, shuningdek identifikatsiya va xavfsizlik yo‘nalishlari asosida baholanishi ta’kidlandi. Mazkur indeks banklarning raqamlashganlik darajasini taqqoslash, ularning kuchli va takomillashtirilishi lozim bo‘lgan jihatlarini aniqlash hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini muntazam monitoring qilib borishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida tijorat banklari vakillari tomonidan indeks metodologiyasi, ma’lumotlarni shakllantirish tartibi, indikatorlarning amaliy qo‘llanilishi, ayrim ko‘rsatkichlarning vaznlari, banklararo taqqoslash mezonlari hamda monitoring tizimini joriy etish bo‘yicha qator savol va takliflar bildirildi. Muhokamalar ochiq, qizg‘in va amaliy savol-javob tarzida o‘tdi.
Ishtirokchilar banklarning raqamlashganlik indeksini shakllantirish bank tizimida raqamli xizmatlar sifatini oshirish, mijozlarga qulaylik yaratish, banklar faoliyatida shaffoflik va raqobatbardoshlikni kuchaytirish hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini ilmiy asoslangan holda baholashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Davra suhbati yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida Banklarning raqamlashganlik indeksi metodologiyasini yanada takomillashtirish, indikatorlar tizimini amaliyotga moslashtirish hamda tijorat banklari faoliyatida raqamli rivojlanish monitoringini samarali tashkil etish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.


