






2026-yil 18-fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida Sektorlararo ilmiy seminarning 4-sonli yigʻilishi yuqori ilmiy saviyada tashkil etildi. Seminar iqtisodiyot sohasida olib borilayotgan dolzarb tadqiqotlarni muhokama qilish, ularning nazariy va amaliy ahamiyatini baholash hamda ilmiy xulosalarni takomillashtirishga qaratildi.
Yigʻilish davomida Markaz mustaqil izlanuvchisi Qurbonov Xayrulla Abdurasulovichning 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit” ixtisosligi boʻyicha iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “Aksiyadorlik jamiyatlari muvozanatlashgan moliyaviy barqarorligini boshqarish uslubiyotini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishi atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur tadqiqotda aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy barqarorlikni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari, risklarni boshqarish vositalari hamda muvozanatlashgan rivojlanish modelini shakllantirish masalalari chuqur ilmiy asosda yoritilgan. Seminar ishtirokchilari tomonidan ishning ilmiy yangiligi, metodologik yondashuvi va amaliy ahamiyati yuzasidan asosli taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, Markaz tayanch doktoranti Islomova Mufassal Muzaffarovnaning 08.00.02 – “Makroiqtisodiyot” ixtisosligi boʻyicha iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan “Повышение социально-экономической эффективности функционирования иностранного капитала в национальной экономике (на примере Узбекистана)” mavzusidagi dissertatsiyasi ham muhokama markazida boʻldi.
Tadqiqotda xorijiy kapitalning milliy iqtisodiyot rivojlanishidagi oʻrni, investitsiyaviy jarayonlarga ta’siri, bandlik va iqtisodiy oʻsishga qoʻshayotgan hissasi ilmiy tahlil asosida ochib berilgan. Ishtirokchilar tomonidan mavzuning dolzarbligi alohida ta’kidlanib, taklif etilgan ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar yuzasidan qizgʻin fikr almashinuvi boʻlib oʻtdi.
Muhokamalar yakunida har ikki tadqiqot ishi ham belgilangan ilmiy talablar asosida bajarilgani e’tirof etildi. Ular keyingi bosqichda himoya qilish uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/2025.27.12.I.23.01 ilmiy kengashga koʻrib chiqish va himoya qilish uchun tavsiya etildi.
Mazkur seminar ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish, yosh va mustaqil tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda iqtisodiyot yoʻnalishida fundamental va amaliy tadqiqotlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim ilmiy maydon ekanini yana bir bor namoyon etdi.

