




2026-yil 28-avgust kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishga Markaz direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor S.K.Xudoyqulov raislik qildi. Unda Ilmiy kengash aʼzolari, sektor mudirlari va masʼul xodimlar ishtirok etdi.
Kun tartibi doirasida, avvalo, Markazning 2026-yil III choragida yangi amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarida ishtirok etishga tayyorgarlik holati muhokama qilindi. Sektorlar tomonidan ishlab chiqilayotgan istiqbolli loyihalar, ularning ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati va tanlov talablariga muvofiqligi yuzasidan axborotlar tinglandi.
Shuningdek, Markaz tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdim etilayotgan ilmiy va analitik ishlanmalar muhokama qilinib, ularning iqtisodiy islohotlar, inson kapitali, mehnat bozori, demografiya, migratsiya jarayonlari va hududiy rivojlanish masalalarini ilmiy asosda tahlil qilishdagi ahamiyatiga eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda Markazga tayanch doktorantura (PhD), doktorantura (DSc) va mustaqil izlanuvchilar qabulini tashkil etish, talabgorlarni belgilangan tartibda saralash hamda ilmiy kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish masalalari ham koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, mustaqil izlanuvchilikka (PhD/DSc) talabgorlar bilan ixtisosliklar boʻyicha oʻtkazilgan suhbat natijalari muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Kun tartibidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan ilmiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha vaqtinchalik ilmiy-ijodiy guruhlar tarkibini tasdiqlash masalasi ham oʻrin oldi.
Yigʻilish davomida barcha masalalar yuzasidan maʼruzalar va fikr-mulohazalar tinglanib, Markazning ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada takomillashtirish, ilmiy ishlanmalarning amaliy samaradorligini oshirish hamda ilmiy kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilindi.
