OʻZA nashrining xabar berishicha, “Oʻzbekiston” nashriyotida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” nomli kitobi chop etildi.
Muallifning koʻp yillik ijtimoiy-siyosiy qarashlari, voqelikka yangicha va teran yondashuvlarining mahsuli boʻlgan kitob 6 bobdan iborat.
Kitobning “Insoniyat tanlagan barqaror rivojlanish yoʻli” deb nomlangan birinchi bobi hozirgi zamondagi asosiy xavf-xatarlarga qaratilgan. Bu tahdidlarni keltirib chiqargan omillar atroflicha tahlil etilib, ularni bartaraf qilish boʻyicha aniq amaliy yechimlar taklif etilgan.
“Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” deb nomlangan ikkinchi bobi mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan ishlar va ularning natijalari tahliliga bagʻishlangan.
“Yangi Oʻzbekiston: barqaror iqtisodiy taraqqiyot” nomli uchinchi bobida aynan shu yoʻnalishdagi islohotlarga alohida urgʻu berilib, bu borada erishilgan natijalar sarhisob qilinadi, yaqin istiqbolda qanday iqtisodiy reja va strategik maqsadlar oldimizda turgani, ularni amalga oshirish uchun nimalar qilish zarurligiga eʼtibor qaratiladi.
“Sayyoramiz va Yangi Oʻzbekiston ekologik tahdidlar qarshisida” deb nomlangan toʻrtinchi bobda “hozirgi davrda jahon miqyosida uchta inqiroz, yaʼni, iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillikning qisqarishi va atrof-muhit ifloslanishi, tabiiy resurslarning kamayishi shiddat bilan davom etayotgani” haqida fikr yuritilgan, muallif jahon hamjamiyatini ushbu tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga daʼvat etadi.
Asarning “Xalq xizmatidagi davlat – el-yurt uchun ulugʻ saodat” deb nomlangan beshinchi bobida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat idoralari va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati, korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari haqida atroflicha soʻz yuritiladi.
Kitobning “Yangi Oʻzbekiston – xavfsiz va tinchliksevar davlat” deb nomlangan oltinch bobida “Yangi Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosati” va umuman, bugungi siyosiy va ijtimoiy qiyofasi qanday boʻlishi kerakligi tahlillar orqali batafsil yoritib berilgan.
Muxtasar qilganda, “Hozirgi zamon va Yangi Oʻzbekiston” kitobida mamlakatimizning bugungi taraqqiyot surʼatlari, uning jahon maydonidagi tobora ortib borayotgan obroʻ-eʼtibori va nufuzi, olis va yaqin istiqbolga moʻljallangan maqsad va vazifalari qanday mustahkam poydevorga asoslanishi, qanday omillar hisobidan taʼminlanayotgani har tomonlama chuqur tahlil qilinganligini alohida eʼtirof etish lozim.