




Uchrashuvning maqsadi – Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi investitsion muhitdagi amaldagi to‘siqlarni baholash va Jahon savdo tashkilotining Investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi bitimi (IFD) doirasida ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni ishlab chiqishdan iborat.
Tadbirni iqtisod fanlari doktori, professor Xudoyqulov Sadriddin Karimovich – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazi direktori ochib berdi. U o‘z so‘zida IFD xalqaro standartlari bilan milliy me’yorlarni uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidladi.
ITC loyihasi komponenti rahbari Fabiana Fong va ITC xalqaro maslahatchisi, professor Chi Manjiaoning ma’ruzalari tinglandi.
Davra suhbatida yetakchi olimlar, Xalqaro savdo markazi (ITC) ekspertlari va tadqiqotchilari, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining yetakchi kafedralari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Ular mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish shart-sharoitlarini optimallashtirish, ma’muriy tartib-taomillarni raqamlashtirish va investorlar uchun “yagona darcha” tizimini yaratish bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qildilar.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha ITC va milliy davlat organlari uchun tavsiyalar shaklida hisobot tayyorlanadi. Yaqin oylarda muhokama qilingan tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan seminarlar turkumi davlat organlari va biznes vakillari uchun tashkil etilishi rejalashtirilgan.