Xayitova Feruza Baxrom qizi
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini
rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari”
Ilmiy – tadqiqot markazi tayanch doktoranti
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda ochiq, oʻzaro manfaatli va konstruktiv xalqaro munosabatlarni olib bormoqda. Maʼlumki, asrlardan beri xalqaro munosabatlar qadimdan insoniyat ijtimoiy, madaniy hamda maʼnaviy rivojining muhim omili sifatida rivojlanib kelgan. Ayniqsa, oxirgi yillarda mamlakatimizda xorijiy davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlash orqali yurtimizda yashab kelayotgan barcha millat va etnik guruhlar madaniyati, maʼnaviy qadriyatlari, milliy anʼana va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish tamoyillariga tayanib faoliyat yurit-yotmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining birgalikda, ahil va hamjihatlikdagi oʻzaro munosabatlari taʼsirida koʻpmillatli xalqimizning turmush tarzi ham yanada yaxshilanib bormoqda. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari va yuqori saviyadagi muzokaralarda faolligi tufayli “Dunyoga ochiqlik siyosati”ga sodiq qolayotgan Yangi Oʻzbekistonning yangi hamkorlari, xayrixohlari ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining xalqaro tashriflari natijasida mamlakatimiz xorij davlatlari bilan faol diplomatik munosabatlarni yoʻlga qoʻydi. Xususan, bir qator yirik davlatlar bilan munosabatimiz strategik sheriklik darajasigacha koʻtarildi.
Har bitta rivojlangan va rivojlanayotgan yirik davlatlar kabi Oʻzbekiston ham jahon iqtisodiyotiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Jahon iqtisodiyotiga hissasini qoʻshish deganda faqat eksport mahsulotlarini sotish
emas, balki import mahsulotlari qabul qilish ham nazarda tutiladi. Albatta mamlakatda eksport hajmi import hajmidan koʻp boʻlishi uchun mamlakatning iqtisodiyotiga foyda keltiradi. Biroq boshqa tarafdan olib qarasak, mamlakat ichki mahsulotlarining haddan ziyod tashqi bozorga chiqishi davlatning ichki bozoriga salbiy taʼsir qilishi ham mumkin. Shuning uchun koʻpgina davlatlar iqtisodiyotida baʼzan import hajmi eksport hajmidan koʻproq boʻladi , baʼzida esa teskari hodisa kuzatiladi . Tashqi savdo deganda esa import va eksport hajmlarining umumiy yigʻindisi hisobga olinadi. Bugungi kundagi Yangi Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlardagi eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri — bu mintaqaviy davlatlar bilan aloqalarni, har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan hamda mustahkamlashdan iboratdir. Bu esa, oʻz navbatida Markaziy Osiyoda tinchlik, siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni va farovonlikni taʼminlaydi. Bundan tashqari, mamlakatimiz Gʻarb, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni jadal va izchil rivojlantirib, ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan toʻldirishga intilmoqda. Davlatimizning tashqi savdo aylanmasi soʻnggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Buning asosiy sabablaridan biri mamlakatning tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilishga qaratilgan siyosati va yangi bozorlar bilan hamkorlik oʻrnatishdir. 2023 yilda umumiy tashqi savdo aylanmasi $50 milliard AQSh dollaridan oshdi. Bundan eksport hajmi $19,3 milliard AQSh dollarini, import hajmi $30,7 milliard AQSh dollarini hamda savdo balansi esa $11,4 milliard AQSh dollari miqdorida salbiy balansni tashkil qilgan edi. Davlatimizning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekt sifatidagi rolini oshirish maqsadida, 2022 — 2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida xalqaro munosabatlarni yaxshilash va rivojlantirish borasida alohida 93-maqsadi qilib belgilandi. Bunda quyidagilar taʼkidlangan.
• Hamkor mamlakatlar bilan hamda xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar boʻyicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, ular bilan ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamda turli darajadagi maslahatlashuvlarni tashkil etish.
• Yetakchi davlatlar bilan keng qamrovli hamkorlikni strategik darajaga olib chiqish hamda ular bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarni kelishish.
• Yirik tadbirlarda (xalqaro tashkilotlar doirasida va xorijiy hamkorlar bilan sherikchilik asosida hamda ikki tomonlama hamkorlik darajasidagi konferensiya, forum, seminar va davra suhbatlari) mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha Oʻzbekiston pozitsiyasi hamda umumjahon miqyosidagi tashabbuslarini ilgari surish.
Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi oʻzaro sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi amaldagi bitim 1996-yilda Florensiyada imzolangan boʻlib, uning doirasida 6 ta qoʻshma organ tashkil etildi. Mamlakatimiz Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik shakllarini qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasi oʻlaroq, bugun Oʻzbekistonning Germaniya va Fransiya kabi katta iqtisodiy salohiyatga ega Yevropa mamlakatlari, shuningdek, YEI bilan savdo-iqtisodiy aloqalari tobora kengayib bormoqda. Raqamlarga qaraydigan boʻlsak, 2022-yilda Oʻzbekiston bilan YEI oʻrtasidagi umumiy savdo hajmi qariyb 4,5 milliard dollarni tashkil qilib, 16 foizga oʻsgan, bunday oʻsishga Oʻzbekistonning maxsus GSP+ imtiyozlar tizimiga kiritilishi katta turtki boʻldi. Oʻzbekistonning mazkur tizimga kiritilishi milliy eksportchi korxonalarga Yevropa bozorlariga 6200 turdagi mahsulotlarni hech qanday bojxona toʻlovlarisiz olib kirish imkonini beradi. Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish uchun faol ish olib bormoqda. Yevropa Ittifoqi bu intilishlarimizni qoʻllab-quvvatlagan holda, ayni yoʻnalishda texnik koʻmak uchun 5 million yevro miqdorida mablagʻ ajratdi. «Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi» Parlament hamkorligi qoʻmitasining Bryusselda 2022-yil boʻlib oʻtgan yigʻilishida Yevropa vakillariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning “2022–2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” maʼno-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil axborot taqdim etilgani ham bejizga emas. Ushbu yigʻilishda mamlakatimiz bilan Yevropa ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarning joriy holati hamda kelajakda oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bunda yurtimizda malaka oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar oʻz samarasini berayotganini, har bir hududlarda investitsiya muhiti yaxshilanayotganini, taʼlim, sogʻliqni saqlash, transport, energetika va infratuzilma sohalari bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirishni yanada kengaytirishni hamda atrof muhitni himoya qilish, qishloq joylarni va ekologik barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish omillarini hisobga olib, oʻzaro hamkorlikni amalga oshirish masalalarini atroflicha koʻrib chiqdilar. 2023-yil yanvar-dekabr oylari statistik maʼlumotlariga koʻra mamlakatimiz Yevropa ittifoqi mamlakatlari bilan – 5,8mlrd.$ga teng tashqi savdo hamkorligini amalga oshirgan.
Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlardagi oʻrni keyingi yillarda sezilarli darajada oshdi. Mamlakat oʻzining geosiyosiy joylashuvi, tabiiy resurslari va iqtisodiy rivojlanish salohiyati bilan mintaqadagi muhim oʻyinchilardan biriga aylandi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda strategik ahamiyatga ega boʻlib, Xitoy, Rossiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi kabi yirik davlatlar va tashkilotlar bilan keng koʻlamli hamkorlik aloqalarini rivojlantirib kelmoqda. Mamlakatimizning xalqaro siyosiy maydondagi roli kuchayib bormoqda. Mamlakat BMT, SHHT (Shanxay Hamkorlik Tashkiloti), MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida faol ishtirok etadi. Xususan, Oʻzbekistonning SHHT doirasidagi ishtiroki, qoʻshni davlatlar bilan chegara masalalari boʻyicha olib borilayotgan muzokaralar va Afgʻonistondagi tinchlik jarayonlaridagi vositachilik roli mintaqadagi barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, ushbu hamkorlik tashkiloti katta geografik hududni qamrab olib, sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtiradi. Bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon koʻrsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga toʻlgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qoʻshilayotgan hissasining salmogʻi yuksak ekanidan dalolat beradi. Shu oʻrinda davlatimiz ShHT mamlakatlari, xususan, Rossiya, Xitoy markaziy Osiyo mamlakatlari bilan asosiy savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi hamda 2017-2023 yillar davomida ushbu tashkilot bilan Tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar, eksport hajmi 1,5 barobar, import hajmi 3,3 barobar oshdi. Shu bilan birga, ShHT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashning mamlakat tashqi savdo aylanmasidagi ulushi ham 47,2 foizdan 50,1 foizga oshdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 4-iyul kuni “ShHT plyus” formatining “Koʻp tomonlama muloqotni mustahkamlash — barqaror tinchlik va taraqqiyot sari intilish” mavzusidagi majlisida ishtirok etdi hamda prezidentimiz oʻz nutqida “Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham koʻproq ehtiyoj sezmoqda. Global siyosiy va iqtisodiy „parchalanishlar“, urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelmoqda. Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab boʻlmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida toʻsqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda” deb alohida taʼkidlab oʻtdi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston ShHT makonida tarqoqligicha qolayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil “qayta ishga tushirish»ni taklif qiladi, dedi davlat rahbari. “Biz haliga qadar koʻp tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yarata olmadik. Ancha vaqtdan buyon ShHT Jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasi boʻyicha konsensusga erishilmadi”, — dedi u.
Quyida berilgan rasmda koʻrishimiz mumkinki, 2023 yilda ShHT mamlakatlari Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasining 50,1 foizini (31,36 milliard dollar), eksport umumiy hajmining 36,6 foizini (8,94 milliard dollar) va importning 58,8 foizini (22,43 milliard dollar) tashkil etdi. Boshqa mamlakatlarga yetkazib beriladigan eksportning umumiy hajmida oltinni (2023 yilda 8,15 milliard dollar) hisobga olmaganda, ShHT mamlakatlarining Oʻzbekiston eksportining umumiy hajmidagi ulushi 55 foizni tashkil etadi. 2023 yilda 2022 yilga nisbatan Oʻzbekistonning ShHT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 18,5 foizga oʻsib, 31 362,0 million dollarni tashkil etdi, eksport 1,3 foizga kamayib, 8 936,3 million dollarni tashkil etdi, import 28,9 foizga oʻsib, 22 425,6 million dollarni tashkil etdi.
1-rasm. Oʻzbekistonning ShHT mamlakatlari bilan 2023 yildagi
savdo-iqtisodiy hamkorligi
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 8-may kuni Moskva shahrida boʻlib oʻtgan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etdi. Majlisda Oʻzbekiston yetakchisi bugungi sharoitda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻsishi uchun sharoit yaratish birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Oʻzbekistonning kuzatuvchi sifatida YII bilan hamkorligi haqida soʻz yuritar ekan, davlatimiz rahbari oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni koʻpaytirish hisobidan oshganini taʼkidladi. Shu bilan birga, oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish ulushi ortmoqda. Mingdan ziyod qoʻshma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi oʻsmoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobarga koʻpaydi. Bundan tashqari, davlatimiz yetakchisi “Ishonamizki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda toʻlaqonli ishtirok etishi masalalarini tartibga soladigan mexanizmning tez fursatda qabul qilinishi ushbu hujjatning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi”, – deb taʼkidladi. Shuningdek, prezidentimiz Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan quyidagi muhim yoʻnalishlardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi:
• Yevrosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qoʻshma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish;
• iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini yengib oʻtishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqindan hamkorlik qilish. Tegishli ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishlaridan birini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklif qilindi;
• mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va ijtimoiy kafolatlar yaratish, shu jumladan raqamli platformalardan foydalanish orqali;
• turizm almashinuvini tubdan oshirishga qaratilgan birgalikdagi turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.
Shuningdek, birlashma doirasidagi sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanish niyati ham bildirib oʻtildi.
Davlatimizning Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari, xususan, AQSh bilan hamkorligi kengaymoqda. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharqdagi ruhi, dini, urf-odat va anʼanalari yaqin boʻlgan musulmon sivilizatsiyasi mamlakatlari bilan bevosita aloqalar oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻldi. Oʻzbekiston bilan ushbu mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi ham ijobiy dinamikaga ega. Soʻnggi statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizning asosiy eksport hamkorlari orasi Amerika Qoʻshma SHtatlari 22 –oʻrindan 12 – oʻringa koʻtarilgani ham davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik iqtisodiy-siyosiy munosabatlar yildan yilga yaxshilanib borayotganini koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, oxirgi 6 yil ichida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari soni ikki baravarga, AQSH bilan umumiy tovar va xizmatlar savdosi esa shu vaqt oraligʻida uch baravardan oshgan. Amerikaning mashhur kompaniyalari Caterpillar, John Deere, CNH Industrial, General Electric, Hilton va Delphos International Oʻzbekistondagi investitsiya hajmini oshirgan boʻlsa, Air Productsʼning 1 milliard dollarlik investitsiyasi va Qashqadaryo viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodiga sarmoya kiritilgan. Bundan tashqari, 2023-yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonning IT-eksporti hajmi oʻtgan yilga nisbatan 2,7 barobarga oshib, 145,3 million dollarni tashkil etib Amerika bozori Oʻzbekiston IT eksportining 45 %ini tashkil qiladi.
1-jadval
Oʻzbekistonning Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasi dinamikasi (mln. AQSh dollar)
Davlatlar | 2021 | 2022 | 2023 |
AQSh | 426,3 | 493,2 | 657,3 |
Eksport | 60,8 | 124,5 | 155,4 |
Import | 365,5 | 368,7 | 501,9 |
Braziliya | 350,1 | 554,6 | 656,6 |
Eksport | 1,9 | 1,2 | 4,4 |
Import | 348,2 | 553,4 | 652,3 |
Oʻzbekistonning Qoʻshma Shtatlarga eksporti 2023-yilida 155,4 mln. dollarga yetdi va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25% ga (301,6) koʻpaydi, import esa 36% ga oʻsdi. (2022-yil 368,7 million, 2023-yilning mos davrida 501,9 million). Braziliya davlatining xuddi shu koʻrsatkichlariga qaraydigan boʻlsak, tashqi savdo aylanmasi 2023 yilga kelib qariyb bir baravarga oʻsganini koʻrishimiz mumkin.
Shuningdek, Yangi Oʻzbekiston rivojlanishda davom etar ekan, AQSh prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati ham kengaygan va keng qamrovli strategik hamkorlikni taʼminlagan demokratik va bozor islohotlarini qoʻllab-quvvatlamoqda. Amerika Qoʻshma SHtatlari davlat kotibi Entoni Blinken 2023-yil mart oyida Oʻzbekistonga tashrifi doirasida “Biz prezident Mirziyoyevning islohotlar dasturini toʻliq amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash orqali imkoniyatlarni kengaytirmoqdamiz. Oʻzbekistonning mehnat huquqlari boʻyicha erishgan yutuqlari ushbu kun tartibi naqadar transformativ boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi” deb taʼkidlagan edi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlik uchun yangidan yangi imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Shu bilan birga, yillik siyosiy maslahatlashuvlar yaqinroq va mustahkam hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Strategik sheriklik muloqoti darajasiga koʻtarildi. Ushbu yilda yuqori martabali delegatsiyalarning 20 martadan ortiq oʻzaro tashriflari, shuningdek, 150 martadan koʻp siyosiy muloqotlar oʻtkazildi. AQShning Markaziy Osiyo davlatlariga eʼtibori oshib bormoqda.
Yangi Oʻzbekistonning inson manfaatlari ustuvorligi birinchi navbatda Amerika bilan oddiy oʻzbeklar hayotini yaxshilashga qaratilgan bir qancha qoʻshma dasturlarga yoʻl ochdi. Buning natijasi olaroq, joriy 2024 yil 14-mayda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan Qozogʻiston shahrida oʻtkazilgan “13-Markaziy Osiyoda Savdo Forumi (CATF)” forumi boʻlib oʻtdi. Ushbu forum “Savdo munosabatlari: xalqaro aloqalar koʻprigi” deb nomlangan boʻlib, mintaqadagi aloqa, savdo va savdo siyosatini rivojlantiruvchi asosiy savdo tadbirlaridan biri hisoblanadi. CATF forumi tashkil topgandan beri, 25 ta davlatda 10.000 dan ortiq hukumat va biznes rahbarlari oʻrtasida oʻzaro savdo aloqali oʻrnatgan boʻlib, 32 mln.$ dan koʻp shartnomalar imzolangan. Ushbu forum doirasida Qozogʻiston Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan 40 ta kompaniya tomonidan qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etiladigan savdo yarmarkasi chet-ellik xaridor va biznes xodimlari uchun tashkillashtirilgan. Oxirgi 20 yilda Markaziy Osiyo davlatlari sezilarli yutuqlarga erishib, yuqori rivojlanish salohiyatiga ega boʻldi. Oʻtgan yillar davomida mintaqaning yalpi ichki mahsuloti real koʻrinishda yillik oʻrtacha 6,2% ga koʻpayib, 347 mlrd.$ ini tashkil etdi. Mamlakatlar tashqi savdosi 2000 yildan qaraganda yeti baravar oshdi. 2022 yilda mintaqa davlatlarining eksport importi qariyb 190 mlrd. $ini tashkil etdi. Mamlakatimizni Amerika davlati bilan mustahkamlanib borayotgan strategik hamkorligi Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni taʼminlaydi. Bu esa oʻz navbatida mintaqa hududida tashqi savdo va xalqaro munosabatlar muntazam rivojlanib borayotganini koʻrsatadi.
Yangi Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlardagi oʻrni sezilarli darajada oshib bormoqda. Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarining eng muhim ustuvor yoʻnalishi qoʻshni, birinchi oʻrinda, mintaqaviy davlatlar bilan aloqalar va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat. Mamlakatning geosiyosiy joylashuvi, tashqi siyosiy islohotlari, va iqtisodiy rivojlanish strategiyalari Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va nufuzli davlatlardan biriga aylantirdi. Yangi Oʻzbekiston oʻzining koʻp vektorli tashqi siyosati orqali Rossiya, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi va qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirib, xalqaro maydonda faol ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz 1991-yil 21-dekabrda Oʻzbekiston MDH davlatlari safiga qoʻshilgan boʻlib, bir yil oʻtib esa Oʻzbekiston 1992-yil 2-mart sanasida BMT tashkiloti rasman aʼzosiga aylandi. Bundan tashqari quyidagilarni ham misol keltirishimiz mumkin:
• Jahon savdo tashkiloti (1991-yil 21-dekabr)
• ECOSAN (1993-yil 20-sentyabr)
• Osiyo Parlament Assambleyasi (2006-yil)
• Interpol (1994-yil)
• Magate (1994-yil 21-yanvar)
• UNESCO (1993-yil 26-oktyabr)
• UNIDO (1992yil)
• OPEC (2017-yil 30-noyabr ) (kuzatuvchi sifatida)
Oʻzbekiston umumiy hisobda 50 dan ortiq nufuzli Xalqaro tashkilotlarning teng huquqli aʼzosi hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston MDH mamlakatlari bilan koʻp tomonlama shartnoma munosabatlarini davom ettirib, hamkorlik qilib kelmoqda. Taʼkidlash joizki, bunday hamkorlik aloqalarining yaxshilanishiga hamdoʻstlik mamlakatlarining hududiy yaqinligi va iqtisodiy jihatdan bogʻlanganligiga emas, balki chuqur tarixiy ildizlar, mintaqaviy aloqalar, katta tarixiy davr mobaynida xalqlarimizni hamdoʻstligi ham asos boʻldi. Shuningdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston 40 dan ziyod koʻp tomonlama bitimni imzoladi va tashkilotning 23 ta organiga qoʻshildi. Oʻzbekiston ilk bor MDHga raislik ham qildi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonning 2024 yildagi MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 8,8 milliard AQSh dollarini tashkil etib, ushbu koʻrsatkichning 32,9 foizi MDH mamlakatlariga toʻgʻri kelmoqda. Bu oʻtgan yilning shu davrlariga nisbatan 4,9 foizga koʻpdir. Bu davrda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasining 32,9 foizi MDH mamlakatlariga toʻgʻri keldi. Bunda 3,1 milliard dollar eksport, 5,7 milliard dollar esa import tashkil etgan. Bu Oʻzbekistonning ushbu mintaqa bilan faol savdo aloqalari olib borayotganini koʻrsatadi. Mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlaridan biri Rossiya Federatsiyasi hisoblanadi. Oʻzbekistonning MDH mamlakatlari bilan savdo aylanmasida eng katta ulush Rossiyaga toʻgʻri kelmoqda. Ushbu mamlakat bilan savdo aylanmasi 4 milliard 782 million dollarni tashkil etdi. Bu esa umumiy savdo hajmining 55 foizini tashkil etadi. Rossiyaga 1 milliard 354,3 million dollar eksport qilindi va 3 milliard 427,7 million dollarlik mahsulot import qilindi. Rossiya bilan savdo aloqalarining koʻpligi, ikkala mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning chuqurligi va turli sohalarda hamkorlik imkoniyatlarining kengligi bilan taʼriflanadi. Davlatimizning keyingi yirik savdo hamkorlaridan biri bu Qozogʻiston davlati hisoblanib, savdo aylanmasi 1 mlrd. 581,6 mln. dollarni tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkichlar Qozogʻiston davlati bilan yillik savdo hajmining muhimligini koʻrsatadi. Davlatimiz Qozogʻiston orqali boshqa davlatlar bilan ham savdo aloqalarini amalga oshiradi, bu esa ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmining oshishiga hissa qoʻshadi. Turkmaniston ham mamlakatimizning asosiy savdo hamkorlaridan biri boʻlib, ushbu davlat bilan savdo aylanmasi 455,5 million dollarni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim savdo hamkorlaridan biri bilan barqaror savdo aloqalari mavjudligini namoyon etadi. Turkmaniston Oʻzbekiston uchun muhim neft va gaz yetkazib beruvchi davlat hisoblanadi. Oʻzbekistonning toʻrtinchi yirik savdo hamkorlaridan biri bu Qirgʻiziston davlati va ushbu davlat bilan savdo aylanmasi 294,3 million dollarni tashkil etdi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi savdo aloqalari yaqin yillar ichida rivojlanib bormoqda. Bu hamkorlik ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, Belarus bilan ham faol savdo aloqalarini olib boradi. Ushbu davlat bilan mamlakatimizning savdo aylanmasi 265,2 million dollarni tashkil etdi. Belorus davlati bilan savdo aloqalarining kuchayishi, ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi bozorlarni ochish imkoniyatlarini yaratib beradi.
Oʻzbekistonning MDH mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining oshishi, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va global savdo bozorlariga chiqish yoʻllarini kengaytirishdagi muhim omildir. MDH mamlakatlari bilan barqaror savdo aloqalarini mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va transport infratuzilmasini takomillashtirish orqali, Oʻzbekistonning xalqaro savdo maydonida mustahkam oʻrin egallashiga erishish mumkin. Shu bilan birga, mavjud savdo aloqalarini yanada rivojlantirish va yangi imkoniyatlarni izlash mamlakat iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega boʻladi.
Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlarda, xususan BMT, SHHT va MDH kabi tuzilmalarda faol ishtirok etib, mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik, va ekologik muammolarni hal qilishda muhim rol oʻynaydi. Mamlakatning iqtisodiy va investitsion siyosati tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, va yangi bozorlar bilan hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan. Xususan, Xitoyning “Bir Makon, Bir Yoʻl” tashabbusi doirasidagi loyihalarda ishtirok, Yevropa Ittifoqi bilan savdo bitimlari va turizm sohasidagi muvaffaqiyatlar mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlaydi.
Madaniy va gumanitar sohalarda ham Yangi Oʻzbekiston oʻzining boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targʻib qilib, turkiy davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirishda, shuningdek, islom dunyosida oʻz nufuzini oshirishda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro munosabatlardagi oʻrni kuchayib, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi yutuqlari nafaqat Markaziy Osiyo, balki global miqyosda ham sezilarli taʼsirga ega boʻlib bormoqda. Bu oʻz navbatida, Yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, soʻnggi yillarda davlatimiz xorij bilan xalqaro munosabatlarni yaxshilab, faol tashqi savdoni amalga oshirib kelmoqda. Umumiy hisobda 2024-yil yanvar-iyul oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 36,8 mlrd. AQSH dollariga yetgan boʻlsa, Bundan eksport hajmi 14,8 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan hamda import hajmi esa 22,0 mlrd. AQSH dollariga, yaʼni 10,1%ga koʻpaygan. Eksportga qaraganda import hajmining ortib borishi resurslarning tashqariga emas, balki, foydaga koʻproq kirib kelayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, umumiy hisob — kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi $3,8 mlrd.ga yetdi, bu umumiy tashqi savdo hajmining 10,4%ini tashkil etgan boʻlsa, bundan eksport hajmi 1,4 mlrd. dollarni, import hajmi esa 2,4 mlrd. dollarni tashkil qilmoqda. Mamlakatimizning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasidagi eng katta ulushi Qozogʻiston hissasiga – 60%, qolgan qismi: Turkmaniston – 19%, Qirgʻiziston – 11% va Tojikiston – 10% toʻgʻri kelmoqda.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari global va mintaqaviy miqyosda jadal oʻsib bormoqda. Bu tendensiyalar iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, savdo va investitsiyalarni ragʻbatlantirish hamda barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo va koʻplab rivojlangan xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy integratsiyani kuchaytirib, savdo aloqalarini rivojlantirmoqda. Bu esa oʻz navbatida, mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoning barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga xizmat qilmoqda. Oʻzbekiston uchun muhim siyosiy hujjat – Konstitutsiya qonun loyihasi ham Oʻzbekistonning oʻzaro manfaatli, ochiq va pragmatik tashqi siyosatini izchil olib borishi, mamlakat atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini taʼminlashi, mintaqa davlatlari bilan ahil qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarini yanada mustahkamlashi, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar doirasida milliy manfaatlarni faol ilgari surishi, shuningdek Oʻzbekistonning rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshilishiga mustahkam zamin yaratadi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalari soʻnggi yillarda sezilarli darajada rivojlandi va savdo, investitsiyalar, raqamli iqtisodiyot va mintaqaviy integratsiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va strategiyalar mamlakatning global iqtisodiy tizimdagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.