




2026-yil 30-yanvar kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi Kengashining 1-sonli majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisga Markaz direktori, iqtisod fanlari doktori, professor S.K. Xudoyqulov raislik qildi. Yigʻilishda Markaz faoliyatini 2026-yilda rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar, ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish hamda ilmiy salohiyatni yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Kun tartibiga muvofiq, Markazning 2026-yil uchun Ilmiy kengash tarkibi hamda yillik ish rejasi koʻrib chiqilib, tasdiqlandi. Mazkur hujjatlar Markaz faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish, amaliy ahamiyatga ega ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Shuningdek, 2026-yil uchun tayanch doktorant (PhD), doktorant (DSc) va stajyor tadqiqotchilarning yakka tartibdagi rejalari ham koʻrib chiqilib, ularni sifatli amalga oshirish, ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, sektorlararo ilmiy seminar aʼzolari tarkibi tasdiqlanib, kelgusida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, fan, taʼlim va amaliy sohalar oʻrtasida samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish orqali dolzarb iqtisodiy muammolarga ilmiy yechimlar ishlab chiqish istiqbollari belgilandi.
Majlis yakunida Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish hamda mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotiga xizmat qiladigan ilmiy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlar belgilanib olindi.

