Akramov Gʻolibjon Bahodir oʻgʻli
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi
«Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy
asoslari va muammolari» ilmiy-tadqiqot markazi
Oʻzbekiston-2030” strategiyasida 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirish, fiskal barqarorlikni taʼminlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish, hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash darajasini oshirish kabi maqsadlar belgilab berilgan. Hududlarning moliyaviy salohiyatini oshirish, mahalliy byudjetlarning mustaqillik darajasini oshirish, hududlarda yangi “oʻsish nuqtalari”ni izlab topish va ularni rivojlantirish orqaligina bunday maqsad va vazifalarni roʻyobga chiqarish mumkin boʻladi. Bu esa oʻz navbatida hududlarning moliyaviy salohiyatini boshqarishda ilmiy asoslangan yondashuvlardan foydalanishni koʻzda tutadi. “Salohiyat”, “moliyaviy salohiyat” tushunchalarini aniqlashtirish borasida yondashuvlarning xilma-xilligi, shuningdek uni oʻzgartirish mexanizmining murakkabligi tadqiqot ishida nazariy va amaliy jihatlarini aks ettiruvchi tarkibiy unsurlarni ajratib koʻrsatishni talab qiladi.
Bugungi kunda moliyaviy salohiyatning yetarlilik muammosi iqtisodiy tizimning muhim muammolaridan biri hisoblanadi. Hududning moliyaviy salohiyati, undan foydalanish yoki foydalanmaslikdan qatʼiy nazar, oʻz ixtiyorida mavjud boʻlgan turli xil resurslarga bogʻliq. Biroq, bugungi kunda hududning moliyaviy salohiyatini, shuningdek uning tarkibiy qismlarini baholashning yagona uslubiyoti mavjud emas.
Hududlarning moliyaviy salohiyatini oshirish orqali mahalliy byudjetlarning daromad bazasini mustahkamlash masalalari xorijiy va mahalliy olimlarning diqqat markazida boʻlib kelmoqda, zero hududlar oʻrtasidagi tafovutni qisqartirmasdan turib, yaxlit tizim sifatida milliy iqtisodiyotni rivojlantirib boʻlmaydi. Professor Xasanovning tahriri ostida nashr qilingan “Moliya va soliqlar” darsligida ham hududlarning moliyaviy salohiyatini mustahkamlash masalalariga toʻxtalib oʻtiladi. Mualliflar davlat byudjeti barqarorligini taʼminlashning muhim manbai sifatida hududiy moliyaviy siyosatni alohida ajratib koʻrsatadilar (Xasanov va boshq., 2023). Tadqiqotchi Abduvoxidov byudjetning barcha darajalari, tuzilmasi va byudjet munosabatlarini rivojlantirish uchun moliyani boshqarishni takomillashtirish zarurligini taʼkidlaydi (Abduvoxidov, 2023). Tasniflash xususiyatlarini tahlil qilish jarayonida hududning moliyaviy salohiyatini amalga oshirish darajasiga qarab tavsiflovchi xususiyat taklif etiladi.
Mazkur xususiyat oʻrganilayotgan hodisani erishilgan va istiqbolli imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish nuqtai nazaridan tavsiflashga imkon beradi. Tasniflash bilan bir qatorda hududning moliyaviy salohiyati unsurlarini aniqlashtirish talab qilinadi, zero ularning tavsiflashdagi gʻalizliklar hudud moliyaviy salohiyatini samarasiz boshqarishga olib keladi. Hududning moliyaviy salohiyati unsurlarini tavsiflar ekanmiz, uning tuzilmasini shakllantirish borasida bir nechta yondashuvlar mavjudligini taʼkidlash lozim. Xususan, Olloqulova hudud moliyaviy salohiyatining quyidagi unsurlarini ajratib koʻrsatadi: byudjet salohiyati, aholining jamgʻarma salohiyati va tadbirkorlik subyektlarining (moliya-kredit tashkilotlari va moliyaviy boʻlmagan korxona va tashkilotlar) investitsiya salohiyati. Ushbu yondashuvning alohida jihati hududiy moliyaviy salohiyat tarkibiga kredit salohiyatini alohida unsur sifatida kiritishda namoyon boʻladi (Olloqulova, 2023).
Xuddi shunday qarashni tadqiqotchi Buranovaning ilmiy izlanishlarida ham koʻramiz (Buranova, 2020), uning fikricha, hududning moliyaviy salohiyati quyidagi unsurlarni oʻz ichiga olishi lozim:
➢ hudud iqtisodiyoti real sektorining moliyaviy salohiyati;
➢ uy xoʻjaliklarining moliyaviy salohiyati;
➢ hududning byudjet salohiyati;
➢ kichik biznes salohiyati;
➢ hududning investitsion salohiyati.
Mazkur yoʻnalishda koʻp sonli tadqiqotlar olib borilayotgan boʻlsa-da, hudud moliyaviy salohiyatini boshqarishning umum qabul qilingan konsepsiyasi mavjud emas,
Hududning moliyaviy salohiyatini samarali baholash borasida mavjud ilmiy yondashuvlar asosida hudud moliyaviy salohiyatini tasniflashning tarkibiy xususiyatlarini tahlil qilish va toʻldirish talab qilinadi. Hududning moliyaviy salohiyatini tasniflashda foydalaniladigan xususiyatlardan foydalanishning maqsadga muvofiqligini hisobga olgan holda, hududning moliyaviy salohiyatining oʻziga xos muhim xususiyatlarini aks ettiruvchi yangi, avval tasniflashda foydalanilmagan jihatlardan foydalanishni taklif qilamiz:
➢ oʻlchov birliklari;
➢ shakllanish sohalari;
➢ moliyalashtirish manbalari;
➢ mujassamlashish;
➢ foydalanish darajasi;
➢ salohiyatni roʻyobga chiqarish darajasi.
Iqtisodiy tizimlar moliyaviy salohiyatining yetarlilik darajasi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Foydalanish yoki foydalanmaslik jihatidan qatʼiy nazar hududning moliyaviy salohiyati uning tasarrufida boʻlgan resurslarning turli-tumanligiga bogʻliq. Biroq, bugungi kunda hudud moliyaviy salohiyati va uning tashkil etuvchilarini baholashning yagona uslubiyoti mavjud emas.
Hududning moliyaviy salohiyatini samarali baholash borasida mavjud ilmiy yondashuvlar asosida hududning moliyaviy salohiyatini tasniflashning tarkibiy belgilarini tahlil qilish va toʻldirish talab qilinadi (1-rasm).
Umuman olganda, mazkur yondashuvni qoʻllab-quvvatlagan holda, hudud iqtisodiyoti real sektorining iqtisodiy salohiyati va kichik biznes salohiyatini bitta umumiy “xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy salohiyati” ostida guruhlash oʻrinli hisoblanadi, chunonchi, mazkur unsurlar bir — biri bilan chambarchas bogʻliq hisoblanadi.
Keltirilgan dalillarga tayangan holda, hudud moliyaviy salohiyati tarkibida quyidagi asosiy unsurlarni ajratib koʻrsatish maqsadga muvofiq: byudjet salohiyati, hudud xoʻjalik yurituvchi subyektlarining moliyaviy salohiyati va kredit salohiyati.
Shuni taʼkidlash kerakki, hududiy byudjet salohiyatini baholashda daromad bazasi sifatida faqatgina, oʻz daromadlarini hisobga olishning oʻzi yetarli emas. Shu sababli, hududning byudjet salohiyati tarkibida soliq tushumlari va soliqdan tashqari daromadlar, shuningdek subvensiyalardan tashqari begʻaraz koʻmakni alohida ajratib koʻrsatish lozim, chunonchi ular byudjet daromadlari bazasini shakllantirishda muhim manba sifatida xizmat qiladi (2-rasm).
Hududda joylashgan, turli mulkchilik shaklidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy salohiyati oʻzlarining boʻsh turgan va va jalb qilingan moliyaviy resurslarini oʻzida mujassamlashtiradi. Korxonalarning moliyaviy resurslari kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va fuqarolarning kundalik ehtiyojlarini qondirish borasida mablagʻlarni qayta investitsiya qilish manbai boʻlib xizmat qiladi.
Ular hududiy birlik aholisining hayotiy faoliyatini bevosita taʼminlashning ayrim masalalarini birgalikda moliyalashtirishda ishtirok etadilar, shuningdek soliq bazasini shakllantirish va mahalliy byudjetlarning daromad qismini toʻldirish jarayonida qatnashadilar.
Hududning moliyaviy salohiyati tarkibiga kiruvchi kredit salohiyati asosiy unsurlardan biri hisoblanadi. Bu hududning kredit tizimining iqtisodiyotning real sektori rivojlanishi va faoliyatiga, asosiy vositalarga investitsiyalarga bevosita taʼsiri bilan belgilanadi, bu esa oʻz navbatida hudud moliya tizimining rivojlanishiga bevosita taʼsir qiladi. Hudud moliyaviy salohiyatini tasniflash va uning tarkibiy unsurlarini tavsiflash asnosida uning murakkab va serqirra kategoriya ekanligiga guvoh boʻlamiz, bu esa oʻz navbatida hudud moliyaviy salohiyatini samarali boshqarishni zaruriy jarayon sifatida kun tartibiga qoʻyadi.
Shunday qilib, hududning moliyaviy salohiyatini boshqarish har qanday holatda va turli tashqi va ichki omillarni hisobga olgan holatda amalga oshirilishi lozim, bu esa moliyaviy salohiyatni boshqarishning mantiqiy ketma-ketligini tasavvur qilishga imkon beradi (3-rasm).
1-rasm. Hududning moliyaviy salohiyatini tasniflash
2-rasm. Hudud moliyaviy salohiyatining asosiy unsurlari
Manba: muallif ishlanmasi.
Oʻtish iqtisodiyotiga xos boʻlgan keng koʻlamli transformatsion jarayonlar, umumiy holda iqtisodiy munosabatlarni qayta tashkil qilish, hududiy rivojlanishning uzoq muddatli strategiyalarini shakllantirishning ustuvorligini hisobga olgan holda, moliyaviy salohiyatni boshqarish obyektiv zarurat sifatida maydonga chiqadi. Moliyaviy salohiyatni boshqarish moliyaviy salohiyatni shakllantirishga qaratilgan va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan moliyaviy mablagʻlardan samarali foydalanishga qaratilgan boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish va amalga oshirish tamoyillari va usullari tizimi sifatida talqin qilinadi.Boshqa bir tomondan, moliyaviy salohiyatni boshqarish salohiyatdan foydalanish hajmi va samaradorligini oshirish, mamlakat va uning hududlarida iqtisodiy barqarorlik va muqimlikka erishish, fuqarolarning farovonligi va ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan moliyaviy salohiyatning asosiy unsurlariga har tomonlama taʼsir koʻrsatadi.
Moliyaviy salohiyatni boshqarish subyektlari sifatida davlat va mahalliy hokimiyat organlari, moliya-bank tizimining nazorat idoralar organlari, korxona va tashkilotlarning strategik va tezkor boshqaruv boʻlinmalari, aholi, oʻzini oʻzi boshqarish tashkilotlari va birlashmalari ishtirok qiladilar.
Hududning moliyaviy salohiyatini boshqarish milliy iqtisodiyotning muhim unsuri sifatida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi barqarorligini taʼminlash borasida foydalaniluvchi salohiyatning samaradorligini eng yuqori darajada oshirishga imkon beruvchi oʻzaro bogʻliq va bir-birini toʻldiruvchi tamoyillarga asoslanishi lozim.Xususan, mazkur tamoyillar sirasiga quyidagilar kiradi:
➢ tizimlilik va majmuaviylik, moliyaviy jihatdan oʻzini oʻzi taʼminlashga asosiy eʼtibor qaratilishi;
➢ mamlakat va hududlarning makro, mezo va mikro darajada rivojlanishining oʻzaro uygʻunligi;
➢ tashqi muhitdagi oʻzgarishlarga moslashish;
➢ hududdagi barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy resurslar va ularga boʻlgan ehtiyojlar muvozanatiga erishish;
➢ strategik moslashuvchanlik;
➢ davlat-xususiy va ijtimoiy sheriklik;
➢ vaqtincha boʻsh moliyaviy resurslarni jamlash;
➢ iqtisodiy xavfsizlik.
3-rasm. Hududning moliyaviy salohiyatini takomillashtirishning
mantiqiy tuzilmasi (muallif ishlanmasi)
Manba: muallif ishlanmasi.
Bunday sharoitda hududning moliyaviy salohiyatini boshqarish jarayonining asosiy gʻoyasi hudud moliyaviy siyosatini roʻyobga chiqarishdan iboratdir. Hudud moliyaviy siyosati samaradorligining asosiy mezoni hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning barqarorligi va aholi turmush darajasining oʻsishi hisoblanadi.
Moliyaviy siyosat hududning moliyaviy salohiyatini boshqarish unsuri sifatida quyidagi ustuvorliklarni amalga oshirishga xizmat qilishi lozim:
➢ ishlab chiqarishni iqtisodiy ragʻbatlantirish;
➢ moliyaviy barqarorlikni taʼminlash;
➢ inflyatsion jarayonlarni cheklash;
➢ byudjet daromadlarini ragʻbatlantirish;
➢ soliq tizimini isloh qilish;
➢ moliyaviy resurslardan oqilona va samarali foydalanish;
➢ samarali moliyaviy nazorat tizimini yaratish;
➢ byudjet tizimini mustahkamlash;
➢ davlat qarzi ustidan nazoratni kuchaytirish;
➢ moliyaviy qonunchilikni takomillashtirish.
Moliyaviy siyosatni takomillashtirishning zaruriy shartlari sifatida quyidagilarni sanab oʻtish mumkin:
– davlat va xususiy investitsiyalarni iqtisodiy oʻsishning ustuvor yoʻnalishlarida jamlash;
– inson kapitalini rivojlantirish, samarali va natijaga yoʻnaltirilgan ijtimoiy infratuzilmani yaratish, bu oʻz navbatida investitsiyalardan foydalanish hajmi va samaradorligini oshirishni talab qiladi;
– hududlarda mavjud iqtisodiy rivojlanish markazlarini rivojlantirish va yangi “oʻsish nuqtalari”ni yaratish, maʼmuriy tuman va viloyatlarning iqtisodiy jihatdan qoloqligiga barham berish.
Hududiy moliyaviy siyosatni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashning natijaviyligini hududiy tizimning moliyaviy barqarorligini tavsiflovchi koʻrsatkichlar toʻplami dinamikasi asosida baholash taklif etiladi (Buranova, 2023). Koʻrsatkichlarni tanlashda statistika idoralari tomonidan shakllantirilgan, shuningdek turli reyting agentliklari tomonidan qoʻllaniluvchi hududlarning moliyaviy-iqtisodiy holatini baholash usullari tahlil qilindi.
Tahlil natijasida quyidagi koʻrsatkichlar tanlab olindi:
1. Aholi jon boshiga toʻgʻri keluvchi oʻrtacha yalpi hududiy mahsulot- hududiy iqtisodiy tizim faoliyatining aholi soniga nisbatan samaradorligini aks ettiradi.
2. Hududdagi korxonalarning umumiy sonida daromad koʻrib ishlovchi korxonalarning ulushi — iqtisodiyotning holati, uning diversifikatsiyalanganlik darajasi va tarkibiy iqtisodiy oʻzgarishlarga chidamliligini tavsiflaydi.
3. Hududiy xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yakuniy moliyaviy natijasi — hududning iqtisodiy holatini tavsiflaydi, real sektorning moliyaviy oqimlari hajmini belgilaydi.
4. Aholi jon boshiga toʻgʻri keluvchi oʻrtacha daromad — aholi turmush farovonligini aks ettiradi.
5. Asosiy vositalarga investitsiyalar -investitsiya muhitini, hududdagi investitsiya faolligi darajasini tavsiflaydi.
6. Hudud iqtisodiyotining umumiy daromadlari tarkibida soliq tushumlarining ulushi — hududning daromad salohiyati va uning moliyaviy mustaqilligi darajasini belgilaydi.
Yuqorida tilga olib oʻtilgan koʻrsatkichlar hududning yaxlit moliyaviy salohiyati va uning tarkibiy boʻgʻinlari sanaluvchi soliq, byudjet, investitsion, kredit salohiyati, shuningdek, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va uy xoʻjaliklari salohiyatining shakllanishiga bevosita taʼsir koʻrsatadi (4-rasm).
4-rasm. Hududning moliyaviy-iqtisodiy holatini baholashning
asosiy usullari
Manba: adabiyotlar tahlili asosida muallif tomonidan tuzilgan.
Oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, hozirgi bosqichda moliyaviy salohiyatni boshqarish borasida samarali yondashuvlar yetarlicha ishlab chiqilmagan , bu oʻz navbatida hududiy rivojlanishning moliyaviy muammolari zarur darajada oʻrganilmaganligi bilan izohlanadi. Shuni taʼkidlash kerakki, amalda asosiy eʼtibor moliyaviy salohiyatning birdek muhim tarkibiy qismlarini (hududiy korxonalarning moliyaviy salohiyati, kredit salohiyati va boshqalarni) boshqarish usullarini takomillashtirish darajasi yetarlicha boʻlmagan bir sharoitda, asosiy eʼtibor hududlarning byudjet sohasini oʻrganishga qaratiladi.
Hududning moliyaviy salohiyati hudud iqtisodiyoti moliyaviy holatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilingan boshqaruv qarorlariga munosabatini tavsiflovchi oʻziga xos koʻrsatkich hisoblanadi. Oʻz navbatida uning oʻsishi moliyaviy siyosat va bu borada qoʻllaniluvchi chora-tadbirlar samaradorligini ijobiy baholash, tez oʻzgaruvchan muhit shart-sharoitlariga oʻz vaqtida javob berish va hududning raqobatbardoshligi va moliyaviy barqarorligini rivojlantirishga qaratilganligi bilan tavsiflanadi.
Shuni taʼkidlash lozimki, hudud moliyaviy salohiyatining toʻldirilgan tasniflash tuzilmasi mazkur kategoriyani yanada chuqurroq oʻrganish, yaʼni hududning moliyaviy salohiyatini amalga oshirish darajasiga qarab tavsiflash – mavjud salohiyatni roʻyobga chiqarish borasida erishilgan natijalar va istiqbolli imkoniyatlarni bashoratlash imkonini beradi. Moliyaviy salohiyatning asosiy unsurlarini aniqlashtirish moliyaviy salohiyatni sifatli va miqdoriy baholash, shuningdek undan foydalanish samaradorligini tavsiflashga imkon beradi.
Hududning moliyaviy salohiyatini boshqarishning mantiqiy tuzilma-sidan foydalanish oʻzaro bogʻliq va bir-birini taqozo etuvchi tamoyillar yordamida milliy iqtisodiyotning unsuri sifatida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqarorligini taʼminlashda foydalaniluvchi salohiyatning samaradorligini oshirishga imkon beradi. Hududning moliyaviy salohiyatini natijaviylik yondashuvi nuqtai nazaridan boshqarish boʻyicha tavsiya etilgan yoʻnalishlar uning asosiy unsurlari samaradorligiga taʼsir qiluvchi boshqaruv usullarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Adabiyotlar:
Abduvoxidov A., Qodirova D., Obilov M. (2023) OʻZBEKISTONDA MAHALLIY BUDJETLARNING DAROMADLAR BAZASINI TAKOMILLASHTIRISH YO ‘LLARI //Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil. –Т. 1. – №. 1. – С. 4-12.
Abduvoxidov, A., & Matkuliyeva, S. (2023). BUDJЕT SIYОSАTI SAMARADORLIGINI OSHIRISHNING NAZARIY ASOSLARINI TAKOMILLASHTIRISH. Iqtisodiy Taraqqiyot Va Tahlil, 1(8), 5–19. https://doi.org/10.60078/2992-877X-2023-vol1-iss8-pp5-19
Xasanov B.A., Xashimov A.A., Muxametov A.B., Abduvoxidov A.A., Urazmatov J.M., Akramov Gʻ.B., Narbayeva M.A., Eshpulatov D.B. (2023) Moliya va soliqlar. darslik / prof. B.A.Xasanov tahriri ostida. – T.: “Iqtisodiyot dunyosi”, – 564 b.
Буранова Лола Вахабовна (2020). Финансовыйпотенциал региона: понятие, сущность и значениедля развития сурхандарьинской области// “Iqtisodiyot va innovatsion texnologiyalar” ilmiy elektron jurnali. No 4, iyul-avgust.
Буранова, Л., & Абдурахманов, А. (2023). ФИНАНСОВЫЙ ПОТЕНЦИАЛ КАК ОСНОВА ОЦЕНКИ ФИНАНСОВОЙ САМОСТОЯТЕЛЬНОСТИ РЕГИОНА. Приоритетные направления, современные тенденции и перспективы развития финансового рынка, 182–185. извлечено от https://inlibrary.uz/index.php/financial-market-growth/article/view/19077
Ollokulova, F. (2023). MAHALLIY BUDJETLAR DAROMADLAR MANBAINI OSHIRISHNING ISTIQBOLLI YOʻNALISHLARI. Iqtisodiyot Va taʼlim, 24(4), 172–177. https://doi.org/10.55439/ECED/vol24_iss4/a27