







2025-yil 15-iyul kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi va “Hududiy integratsiyaning xalqaro markazi” avtonom nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda “Markaziy Yevroosiyoda transchegaraviy savdo: oʻzaro manfaatli taraqqiyot sanʼati” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Mazkur tadbirda Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikistondan yetakchi ekspertlar, ishbilarmonlar, ilm-fan, taʼlim va yoshlar tashkilotlari vakillaridan iborat 100 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.
Davra suhbatida raqobatbardosh iqtisodiy muhitni shakllantirish va mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish; innovatsion va eksport faoliyatini ragʻbatlantirish; iqtisodiyotda institutsional islohotlar; ilmiy hamkorlik istiqbollari hamda Markaziy Osiyoning transport salohiyatini rivojlantirish; kapital bozori rivoji va eksport-kredit agentliklarining roli; transchegaraviy savdo sohasida xalqaro hamkorlik; mehnat bozori va Oʻzbekistondagi mehnat muhojirlari inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, samarali mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy siyosat va boshqaruvning institutsional tuzilmasini takomillashtirish hududlar barqaror rivojlanishi va farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Mazkur davra suhbati Markaziy Yevroosiyo davlatlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, yangi integratsion tashabbuslarni ilgari surish va amaliy takliflar ishlab chiqish boʻyicha muhim maydon boʻldi. Tadbir gumanitar, iqtisodiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, turizmni rivojlantirish va yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.