Joriy yilning 20-dekabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazida “Innovatsion rivojlanish nazariyasi va amaliyoti” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-158-sonli Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil
6-iyuldagi “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-165-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbatida Innovatsion rivojlanish agentligi Ilm-fan va innovatsion faoliyatga investitsiya va xorijiy grantlarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i, Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi raisi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Makroiqtisodiy siyosat va prognozlashtirish” va “Yashil iqtisodiyot” kafedra professor-oʻqituvchilari hamda Markaz raxbariyati, ilmiy xodimlari va doktorantlari qatnashishdi.
Davra suhbatida Oliy taʼlim muassasalarining innovatsion va start-ap loyihalarini ishlab chiqish holati, fan va amaliyot integratsiyasi, innovatsion rivojlanish tendentsiyalari, innovatsion faoliyatni diversifikatsiyalash yo’llari va innovatsion faoliyatni moliyalashtirish kabi masalalar mutaxassislar va ilmiy xodimlar tomonidan muhokama qilindi.
Anjumanda bildirilgan muammolar muhokamasi yakunlari va ularni hal etish boʻyicha takliflar asosida davra suhbati tavsiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligiga Markaz ilmiy xodimlari tomonidan taqdim etish rejalashtirilgan.