2026-yil 28-fevral kuni Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan Fatih Sultan Mehmet vaqf universitetida “AI in Energy and Economics: Security Issues, Risks, Regulations, Opportunities and Challenges” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir “AI and Digital Transformation Workshops” turkumining navbatdagi bosqichi sifatida sun’iy intellektning energetika va iqtisodiyotdagi strategik ahamiyatiga bag‘ishlandi.
Seminar Fatih Sultan Mehmet vaqf universiteti, Ibn Haldun universtiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy-tadqiqot markazi, Eurasian Research Institute hamkorligida tashkil etildi. Unda energetika bozorlarida SI asosida prognozlash, kiberxavfsizlik, yashil iqtisodiyotga o‘tish, iqlim xatarlarini modellashtirish va fiskal barqarorlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’ruzalarda ARIMA, gibrid mashinali o‘rganish va chuqur o‘rganish modellariga tayangan zamonaviy metodologiyalar taqdim etildi. Xususan, Turkiyada inflyatsiya inertligini prognozlash bo‘yicha gibrid model energiya narxlarining makroiqtisodiy barqarorlikka ta’sirini aniqlashda samarali vosita sifatida namoyish etildi.
Seminar doirasida Markaz olimlari ham faol qatnashib, milliy iqtisodiyot sharoitida SI texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirdilar. Tadbir sun’iy intellektning energetika xavfsizligi, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanishdagi o‘rnini chuqur tahlil qilishga xizmat qilgan muhim ilmiy platforma bo‘ldi.


